TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Xalqlar do‘stligi maydonida o‘rnatilgan ushbu yodgorlik 2008-yilda, noma’lum sabablarga ko‘ra, buzib olib shahar chetiga ko‘chirilgan edi.
Bugun ushbu yodgorlikni shahar markaziga qaytarishga qaror qilingan. Nuz.uz xabariga ko‘ra Respublika xalqaro madaniyat markazi ushbu xabarni tasdiqlagan.
“Bu borada hukumat qarori qabul qilingan. Respublika xalqaro madaniyat markazi ushbu yodgorlik Do‘stlik bog‘iga (sobiq Bobur bog‘i) ko‘chirilishiga umid bildiradi”, — deyilgan xabarda.
Ushbu yodgorlikni qayerga ko‘chirish masalasi yil boshidan buyon o‘rganilmoqda. Bu borada bir necha takliflar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Xalqlar do‘stligi” yodgorligi 1982-yilning 26-may kuni Toshkentdagi “Xalqlar do‘sligi” saroyi oldidagi maydonda o‘rnatilgan edi. Yodgorlik markazida temirchi Shoaxmad va Bahri Shomaxmudovlar, ularning atrofida esa 15 nafar bola tasvirlangan.
Shomaxmudovlar asrab olgan bolalar orasida rus, belorus, moldavan, latish, qozoq, tatar, yahudiy va nemis millatiga mansub bolalar bo‘lgan. Shoaxmad ota va Bahri aya ularni o‘z mehri muruvvati bilan qurshab olishgan. Asrab olingan bolalarning hammasi munosib inson bo‘lib katta bo‘lishgan.
Sovet Ittifoqi davrida Shomaxmudovlar oilasi “Hurmat belgisi”, “Qahramon ona” mukofotlari bilan taqdirlangan. Ushbu oila yozuvchi Rahmat Fayzining “Hazrati inson” romani hamda “O‘zbekfilm”da suratga olingan “Sen yetim emassan” kinofilmining bosh qahramonlariga aylangan.