TOShKENT, 20 apr — Sputnik. "Million" jamoasi aprel oyining so‘ngida 5 kunlik konsert dasturini taqdim etmoqda.
Guruh a’zosi Davron Kabulov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida konsert dasturlariga kunduzgi seanslar qo‘shilganini ma’lum qildi.
"Muxlislar talabini inobatga olgan holda va o‘quvchi-talaba yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida "Million" jamoasi aprel oyining so‘ngida bo‘lib o‘tadigan konsertlarga KUNDUZGI seanslar qo‘shilganini ma’lum qiladi:)", — deyilgan xabarda.
Konsert haqidagi xabar jamoa muxlislarini shoyad quvontirgan ko‘rinadi.
Har holda Davron Kabulovning Instagramm sahifasida konsert haqidagi xabar ostida birorta ham tanqidiy fikrlar uchramadi.
"Bu safar hech kimni taklif kilmanglar. Birov hazilni ko‘taradi birov ko‘tarmaydi. Litsenziyadan mahrum qilishsa yana 2-3 yil millionni konsertini kutib yashaymizmi? Iloji boricha chegaradan chiqmela. IShLARINGGA OMAD", — deb yozgan Ilhom Inomovich.
Tataristonlik bir muxlis esa "bu kunni 2 oydan beri kutayotgani" haqida yozib, konsertga Tataristondan atay uchib kelishini ma’lum qilgan.
Dinora nikli foydalanuvchi esa jamoa a’zolariga "trenirovka" qilishni maslahat bergan. Dinoraning fikricha, "Million" jamoasi a’zolari vazni keyingi vaqtlarda biroz ortgan.
Muxlislarning aksariyati "Million" jamoasiga konsertda omadlar tilab qolishgan.