O‘zbekiston hukumati atoqli olima vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishGullar
Gullar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Fanlar akademiyasi akademigi Anna Glushenkova 91 yoshida vafot etdi. O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun Glushenkova "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" faxriy unvoni va "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan edi

TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Tabiiy birikmalar kimosi va texnologiyasi sohasidagi taniqli olima, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Anna Ivanovna Glushenkova 91 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi "uz24.uz".

"A.Glushenkova 1926-yil 1-avgustda Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyatidagi Rudna tumanida tug‘ildi. 1948-yili O‘rta Osiyo industrial institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Atirgullar - Sputnik O‘zbekiston
Ayriliq: atoqli o‘zbek adibi vafot etdi
Iste’dodli olima qariyb 70-yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimosi instituti katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasi prezidiumi a’zosi kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va mamlakatimizda tabiiy birikmalar kimosi va texnologiyasi sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Zahmatkash olimaning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz xalq xo‘jaligi, ayniqsa, paxtachilik sanoatida keng qo‘llanib kelmoqda. Uning paxta tolasi va chigitini qayta ishlash, ulardan zarur iste’mol mahsulotlari hamda dori vositalari tayyorlash bo‘yicha ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.

Olimaning tabiiy birikmalar kimosi va texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 400 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

A.Glushenkovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" faxriy unvoni va "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olima, mehribon ustoz, kamtarin inson Anna Glushenkovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi", — deyilgan nekrolog matnida.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, A.Aripov, A.Yunusxodjayev, B.Yo‘ldoshev

Yangiliklar lentasi
0