TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Dushanbedagi savdo markazlaridan birida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi ochildi, deb xabar beradi Sputnik Tojikiston muxbiri. Ko‘rgazma Tojikiston va O‘zbekiston savdo-sanoat palatalari hamda "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazma majmuasi tomonidan tashkil etildi.
O‘tmishni eslab
Dushanbeliklar bu ko‘rgazmani uzoq kutishgandi. Mahalliy bozorda mahsulotlar kamligi uchun emas, balki tashrif buyurganlar tojiklar bilan asriy qardosh bo‘lgan uzoq kutilgan mehmonlar edi. Bir paytlar uzilib qolgan munosabatlar tufayli chegaraning ikki tarafidagilar bir-birlarini unutayozgan edilar.
Mana bugun kimdir biror narsa xarid qilish uchun, kimdir qiziqish tufayli, yana kimdir esa sog‘ingan qardoshlari bilan ko‘rishish uchun ko‘rgazmaga kelgan.
"Bugun bu yerga ataylab, o‘z yurtdoshlarim — samarqandliklar bilan ko‘rishish uchun keldim, — deydi mahalliy kasalxona vrachi Mahmud Sadulloyev. — Samarqandda 25-yildan beri bo‘lganim yo‘q. Shuning uchun u yerdagilar qanday yashashayotgani, qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ularning o‘z og‘izlaridan eshitmoqchiman".
O‘z mahsulotlari bilan tashrif buyurgan mehmonlar esa unga juda ko‘p o‘zgarishlar yuz berganini aytishdi. Sadulloyev tug‘ilib-o‘sgan yurtiga borish baxtiga musharraf bo‘lsa, nimadan xavotirlanishini aytdi.
"Shaharni tanimaslik qo‘rqinchli emas, lekin o‘z yaqinlaring va qarindoshlaringni tanimaslik qayg‘uli. O‘tgan 25-yil davomida u yerdagi qarindoshlarim nechta farzandli bo‘lishganini bilasizmi? Ular men haqimda bilisharmikin", — deydi u.
Hammaga ham sotilavermaydi
Qo‘shnilarning mahsulotlariga qiziqish bildirganlar ham ko‘pchilikni tashkil etardi. Erkaklarning aksariyati mahalliy o‘lchovlarga ko‘ra narxi qimmat bo‘lgan mashinalar atrofida edi.
"Biz odatda eski avtomobillarni sotib olamiz, shuning uchun narxi chaqib olmaydi. Bular esa qimmat ekan. A klassidagi mashina 7 ming dollardan ortiq ekan. Buncha pulga mashina sotib olmayman", — deydi ikki yil ilgari 4 ming dollarga eski nemis avtomobilini sotib olgan Xushbaxt ismli taksichi.
Tuproqni qayta ishlovchi texnikani tomosha qilayotgan boboni esa uning narxi emas, balki hammaga ham sotilmasligi hayratga soldi.
"Men dehqonman. Poytaxtdan uzoqda yashayman. Mening 2 gektar yerim bor, asosan kartoshka ekaman. Mehnatimni yengillashtirish uchun biror texnika sotib olmoqchi edim, lekin eski usulda ishlashimga to‘g‘ri keladi shekilli. Texnika yakka shaxslarga donalab sotilmas ekan. Chamasi, yetkazib berish qimmatga tushadi", — deydi u qo‘shnilarning mahsulotiga havas bilan qaragancha.
Ko‘rsangiz marhamat, lekin sotib olish qiyin
Dushanbening barcha burchaklaridan miriqib savdo qilishga kelgan ayollar esa biroz asabiylashishdi. Birinchidan, buyumlar ko‘rgazmaning dastlabki uch kunida sotilmaydi, ikkinchidan, ishlab chiqaruvchilar juda kam mahsulot olib kelishgan.
"Men bu yerda poyabzal, mato va yana boshqa narsalar tanlagandim, ma’lum bo‘lishicha, ko‘rgazmaning oxirgi kunida sotisharkan. Buning ustiga, 1-2 donadan keltirishibdi xolos. Endi tasavvur qiling, oxirgi kuni bu yerda yagona nusxadagi paypoq yoki xalatga ega chiqish uchun xaridorlar o‘rtasida to‘s-to‘polon bo‘ladi", — deydi o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchini biror buyumni bugun sotishga ko‘ndirishga urinayotgan ayol.
Lekin mehmonlarni ko‘ndirib bo‘lmadi. So‘nggi kunda deyildimi, tamom, o‘sha kuni sotiladi. Hozircha esa, marhamat, tomosha qilishingiz mumkin.
Tomosha qiladigan narsalar esa juda ko‘p: ko‘rgazmada O‘zbekistonning 160dan ortiq korxonasi (400dan ortiq tadbirkorlar) elektrotexnika, kabel-sim, charm, kimyo, tekstil va boshqa soha mahsulotlarini namoyish etishmoqda. Shuningdek, ko‘rgazma maydonidan qishloq xo‘jaligi va transport texnikasi, xususan, yengil va yuk avtomobillari, yo‘lovchi avtobuslari, turli traktorlar, paxta terish kombaynlari o‘rin olgan.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.