TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Qrim prokuraturasi tergov organlaridan qochib yurganligi uchun qidiruvda bo‘lgan 43 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Kamoliddin Shamsutdinovga nisbatan ekstraditsiya tekshiruvini o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Shamsutdinov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari qator bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan.
Ekstraditsion tekshiruv natijalariga ko‘ra, uni O‘zbekistonga topshirishga monelik qiluvchi asoslar aniqlanmagan.
Shu bois Rossiya Bosh prokuraturasi Shamsutdinovni sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning tegishli organlariga topshirish haqida qaror chiqardi.
U ushbu qaror yuzasidan shikoyat qilganligi, lekin Qrim Oliy sudi tomonidan uning shikoyati qondirilmaganligi xabar qilingan.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.