TOShKENT, 12 apr —Sputnik. "Boko Xaram" jangarilar guruhi Markaziy va G‘arbiy Afrikada hudkushlik hujumlarini amalga oshirish uchun bolalardan borgan sari ko‘proq foydalanmoqda, deb xabar berdi RIA Novosti Bolalar jamg‘armasiga (YuNISEF) tayanib.
YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yil yanvaridan buyon jangarilar Nigeriya, Niger, Chad va Kamerundagi hujumlarda kamida 117 nafar boladan foydalanishgan. 2017-yilning dastlabki uch oyida jangarilar birgina Nigeriyaning shimoli-sharqida 27ta boladan hudkush sifatida foydalangan bo‘lib, bu 2016-yildagi ko‘rsatkichga (30ta bola) deyarli yaqinlashib qolgan.
YuNISEFning qayd etishicha, 2014-yilda jangarilar 4 nafar, 2015-yilda 56 nafar boladan foydalanishgan. BMT bolalar uyining ta’kidlashicha, aksariyat holatlarda hujum uyushtirish uchun qizlardan foydalanilmoqda.
"Boko Xaram" — asosan Nigeriyada faoliyat olib boruvchi jangarilar guruhi. 2014-yil aprelida jangarilar Nigeriya shimoli-sharqidagi Chiboke shahrida 276 nafar o‘quvchi qizlarni o‘g‘irlab ketgan. Guruh rahbari qizlarni hibsga olingan barcha jangarilarga almashtirishni taklif etgan, lekin mamlakat hukumati bunga rozi bo‘lmagan. 2016-yil avgustda "Boko Xaram" jangarilari qizlarning tirik ekanligi haqidagi videolavhani namoyish etdi. Lavhada barcha qizlar tasvirlanmagan. Jangarilarning aytishlaricha, aviazarbalar natijasida qizlarning ayrimlari halok bo‘lgan.