TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor xalqaro press-klub ta’sis etildi. Unga 2000-2005 yillarda prezident Islom Karimovning matbuot kotibi o‘rinbosari bo‘lgan Sherzod Qudratxo‘jayev rais etib saylandi, deb yozmoqda dia.uz sayti.
Xabarda aytilishicha, xalqaro press-klubning ochilish marosimida so‘zga chiqqan prezident matbuot xizmati rahbari Asad Xo‘jayev tashkilotga nodavlat notijorat tashkilotlarni ham jalb etish lozimligini qayd etgan.
Shuningdek, jurnalistikada tanqidiy materiallarning kamligi sabablari ham ko‘rib chiqilishi lozimligini aytib o‘tgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, xalqaro press-klub axborot makonini rivojlantirish, mamlakat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi obyektiv axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.
Bu yerda davlat hokimiyati organlari vakillari nafaqat bajarilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berishi, balki jamoatchilik va jurnalistlar takliflari hamda savollariga yuzma-yuz javob berishlari kutilmoqda.
Shu tariqa xalqaro press-klub davlat hokimiyatining shaffofligi, o‘zaro cheklovlar va muvozanat tizimi hamda mamlakatda bo‘layotgan islohotlar ustidan ijtimoiy nazoratni mustahkamlashga xizmat qiladi.