TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Toshkent shahrida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan "Jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiyalashning huquqiy asoslari" mavzuyida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" nashri.
Davlat soliq qo‘mitasi xodimlarining qayd etishicha, fuqarolar uy-joy, noturarjoy va avtotransport vositasi kabi mol-mulkini ijaraga berishdan olgan daromadlari bo‘yicha ham dastlabki deklaratsiyalarni taqdim etishlari lozim. Bu yo‘sinda topilgan daromadlarga soliq solish ijara shartnomasida belgilangan ijara haqi miqdoridan kelib chiqqan holda, biroq ushbu mol-mulklarni ijaraga topshiruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara haqining eng kam stavkalariga asosan hisoblangan miqdorlardan kam bo‘lmagan hajmda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ini o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay to‘lashlari lozim. Mabodo to‘lov muddati o‘tkazib yuborilsa, har bir kun uchun (to‘lov kuni ham shunga kiradi) 0,033 foiz miqdorida penya hisoblanib, soliq qarzlari davlat soliq xizmati organlarining da’vo arizalari asosida sud tartibida majburiy undiriladi.
Aytish joizki, soliq to‘lovchi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo‘lsa yoxud noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi daromad solig‘i summasini mavjud axborot asosida eng yuqori stavka bo‘yicha hisoblab, to‘lov xabarnomasini o‘n kunlik muddat ichida topshirishga haqli.
Deklaratsiyani taqdim etmagan yoki atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni ko‘rsatgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 174-moddasi uchinchi qismida eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.
Anjuman ishtirokchilariga mol-mulk, xususan, ko‘chmas mulklarni ijaraga topshirish tartib-taomillari haqida ham atroflicha ma’lumot berilgan. Ya’ni jismoniy shaxslar uy-joy va noturarjoyni notarial tasdiqlangan shartnomalar asosida ijaraga berishlari lozim. Yo‘qsa, tegishli hujjatlarga muvofiq, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mol-mulk ijarasidan daromad ko‘rgan jismoniy shaxslar dastlabki deklaratsiyani Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz sayti hamda Elektron soliq xizmatlari portali — my.soliq.uz orqali o‘zlari uchun qulay bo‘lgan joyda, kunning istalgan vaqtida elektron shaklda topshirishlari mumkin.
Eslatma, soliq solinadigan daromadga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilari hisoblanishini eslatib o‘tgan. Soliq to‘lovchilarning daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish munosabatlari Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan normalar asosida tartibga solinadi.
Agar bunday daromad turlaridan soliq, jismoniy shaxsning arizasiga binoan, eng yuqori stavka asosida ushlab qolingan bo‘lsa, deklaratsiya taqdim etilmaydi (respublika hududidan tashqaridagi hamda soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar bundan mustasno).