TOShKENT, 5 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2016-yilning 16-sentabrida imzolangan "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun joriy yilning 17-martida kuchga kirdi, deb xabar qildi "Xalq so‘zi" gazetasi.
Ta’kidlanishicha, qonunda ichki ishlar organlari asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va prinsiplari mustahkamlab qo‘yilgan. "Ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini, jamoat tartibini va jamoat xavfsizligini, yuridik hamda jismoniy shaxslar mol-mulki himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalari huquqiy jihatdan kafolatlanadi", — deyiladi xabarda.
Ushbu hujjatning asosiy yo‘nalishi — ichki ishlar organlari faoliyatini amalga oshirish jarayonida fuqarolar huquqiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan, huquqbuzarliklarning oldini olish va unga chek qo‘yishdan iborat. Shu bilan birga, shaxslarni ham noqonuniy ijtimoiy xavfli xurujlardan, ham xodimlar tomonidan ichki ishlar organlariga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘idagi noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishni ta’minlaydi.
Qonunda ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplarining har biri alohida ochib berilgan, qo‘llash uchun ruxsat etilgan maxsus vositalarning muayan ro‘yxati, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish kafolatlari nazarda tutilgan.
Bu esa, o‘z navbatida, ushbu tizimda xizmat qilishga bel bog‘lagan mard, jasur va vatanparvar yoshlar safini yanada kengaytirish, ayni paytda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishlarini ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
"Qonunda ichki ishlar organlari faoliyatining eng muhim tamoyillari sifatida qonuniylik, huquqni hurmat qilish va unga rioya etish, fuqarolarning erkinligi va qonuniy manfaatlari, ochiqlik va shaffoflik kabi umuminsoniy qadriyatlar o‘z ifodasini topgan", — deyilgan xabarda.