TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Bugun Moskvada MDH mamlakatlari xavfsizlik xizmatlari rahbarlarining 25-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Undan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Inoyatov Rustam Rasulovich ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugungi kunda terrorchilar hujumi barcha MDH mamlakatlariga xavf solayotganini ta’kidladi. Putinning fikriga ko‘ra terrorchilik bilan kurashish uchun barcha mamlakatlar maxsus xizmatlari yaqindan hamkorlik qilishi kerak.
“Ko‘rib turganingizdek, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmayapti. Buning tasdig‘i – yaqinda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan fojealar. Terrorchi hujumi oqibatida odamlar qurbon bo‘ldi, ko‘p kishi jarohat oldi”, — dedi Vladimir Putin.
Rossiya prezidentining fikriga ko‘ra, MDH mamlakatlariga terrorchilikdan boshqa yana bir necha xavflar tahdid solmoqda. Ular orasida uyushgan jinoyatchilik, narkotraffik, korrupsiya va davlatlar ichki siyosatiga tashqaridan aralashish kabi xatarlar bor.
Vladimir Putin aytishiga qaraganda bugungi kunda MDH mamalkatlari xavfsizlik xizmatlari orasida juda yaxshi hamkorlik munonsobatlari o‘rnatilgan.