TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomada harbiy texnika va qurollarni uchinchi mamlakatlarga yetkazish ko‘zda tutilmagan, deb xabar berdi RIA Novosti harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmat direktori o‘rinbosari Vladimir Drojjovga asoslanib.
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnoma 2016-yilda imzolangan.
"Uchinchi mamlakatlar manfaatini ko‘zlab qurol yetkazish ko‘zda tutilmagan. Shu munosabat bilan mazkur shartnoma doirasida yetkazilgan harbiy mahsulotlarning mavjudligini nazorat qilish bo‘yicha biz tomonimizdan hukumatlararo kelishuv loyihasi tayyorlandi", — dedi Drojjov.
U hukumatlararo kelishuv yetkazib berilgan texnikadan qanday foydalanilayotganini tekshirib turish imkonini berishini aytdi.