TOShKENT, 4 apr — Sputnik. "Bola va zamon" ilmiy-ommabop jurnalimiz yangi formatda chop etildi, deb xabar qildi Lola Karimova ijtimoiy tarmoqdagi saxifasida.
Karimovaga ko‘ra, jurnalist, tibbiyot xodimlari, pedagog va psixologlardan iborat tahririyat kengashi jurnalning yangi formatinini ishlab chiqarar ekan, uni foydali va qiziqarli maqolalarga yanada boyroq qilishga harakat qilgan.
"Endi maqolalar o‘zbek va rus tillaridan tashqari ingliz tilida ham chiqadi. Jurnalimiz asosan bola sog‘lig‘i va ta’lim-tarbiyasidagi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan", — deydi Lola Karimova.
Ta’kidlanishicha, ushbu jurnal turli yoshdagi bolalarni yaxshiroq tushunish, alohida ehtiyojga ega bolalarni parvarishlash va rivojlantirish sohasida pedagog va ota-onalar uchun qo‘llanma sifatida 2005-yilda tashkil etilgan.
O‘zbekistonning turli hududlaridan psixolog, pedagog hamda maorif va sog‘liqni saqlash tashkilotlari mutahassislaridan shakllangan mualliflar guruhining safi kengayib bormoqda.
Jurnal YuNISEF bolalar fondi, Xalqaro mehnat tashkiloti, "SOS-bolalar shaharchasi" Uyushmasi, BMT rivojlanish dasturi, Yevropa ittifoqi delegatsiyasi kabi xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
"Bola va zamon" jurnali haqida batafsil ma’lumotga uning Facebookdagi sahifasi orqali ega bo‘lishingiz mumkin.