TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Poytaxtda hayot qaynamoqda — Rigada modalar haftaligi avjiga chiqqan, lekin shaharda rasmiy marosimlar bilan bir vaqtda boshqa ko‘plab tadbirlar ham bo‘lmoqdaki, moda muxlislari bariga ulgurib qolishga urinishmoqda.
Rigada Moel Bosh shou-rumi ochilishi ushbu modalar marafonining yorqin bezagiga aylandi. Ochilish marosimida odam shunchalik ko‘p bo‘ldiki, tanga otsangiz yerga tushmasdi. Shou-rum egalari mehmonlarga sharqona mehmondorchilik ila ajoyib bayram tashkil etdilar. Bu yerda Moel Bosh brendi liboslari bilan tanishishdan tashqari haqiqiy o‘zbek palovidan ham totib ko‘rish mumkin edi.
Yevropa uslubidagi sharqona yondashuv
"Shou-rumimizning tamoyili odamlarga yorqin bo‘yoqlar orqali zavq ulashishdir. Bu shunchaki oynavand peshtaxtalardan iborat do‘kon emas, balki kayfiyatni ko‘taruvchi maskan — bu yerda bemalol o‘tirib suhbatlashish, choy ichish mumkin. Xaridorlar bu yerdan kiyimdan tashqari yuqori kayfiyat ham olib chiqib ketishadi", — deydi Zuhra Inat Sputnik Latviya muxbiriga.
Uning kuzatishlariga ko‘ra, latviyaliklar libosiga yorqin ranglar yetishmaydi. Boshqa aksariyat yevropaliklar singari latviyaliklar ham kulrang liboslarga e’tibor qaratishadi.
"Bizning kolleksiyamizda o‘zbek milliy naqshlari tushirilgan ipak va paxtadan tayyorlangan mato — adras yoki yevropaliklar nomlaganidek ikatdan tikilgan liboslarni ko‘rishingiz mumkin. Bizda ko‘plab ranglarga urg‘u berilgan, yevropacha uslubdan chetda qolmaslik uchun ikki-uchta yorqin bo‘lmagan ranglarni ham tanlaganmiz", — deydi Zuhra.
Moel Boshning xaridorlari kimlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga Zuhra yosh qiz ham, keksa ayol ham bu yerda o‘ziga kerakli libosni topishi mumkinligini aytdi.
"Men o‘zim buvi bo‘lganim uchun yoshi katta ayolga nimalar kerak bo‘lishini bilaman. Lekin yosh qizlar ham bu yerda o‘zlari izlagan libosni topishlari mumkin, chunki kolleksiyani yaratishda uch nafar qizim yordam bergan", — deydi Zuhra.
Riganing sokin diplomatik tumanida Moel Bosh butigining ochilish marosimiga O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Afzal Ortiqov ham tashrif buyurdi.
"Ushbu shou-rumning ochilishida ishtirok etish menga ikki karra yoqimli, chunki bu yerda O‘zbekistonning bir bo‘lagi — bizning go‘zal milliy matolarimiz namoyish etiladi. Bu yerda har bir xaridor o‘ziga yoqadigan narsani topishiga umid qilaman", — dedi elchi.
U shuningdek, barchani Navro‘z bayrami bilan qutladi.
Riga orqali Yevropaga
Moel Bosh brendi asoschisi Zuhra Inat Latviyada istiqomat qilayotganiga 11-yildan oshdi. Brendning birinchi shou-rumini Toshkentda ochgan bo‘lib, endi navbat Rigaga keldi.
"Toshkentda mahsulotlarimizni Yevropaga sotishimiz qiyin, shuning uchun Rigada shou-rum ochishga qaror qildik. Shuningdek, onlayn-magazinni ham ishga tushiramiz", — deya rejalari bilan o‘rtoqlashdi Zuhra.
Uning aytishicha, liboslar faqat milliy matolardan tayyorlanadi. Ikat O‘zbekistonda qo‘lda tayyorlanadi, naqshlari ham o‘sha yerda tushiriladi. So‘ngra matolar Rigaga keltiriladi va shu yerda libos tikiladi.
Zuhra quyoshli O‘zbekistondan ilhom oladi. Yorqin ranglar kayfiyatni ko‘taradi, dizayner shu sababli adrasni yorqin ranglar yetishmayotgan Yevropaga olib kirmoqchi.
Sputnik muxbirining Moel Bosh modalar uyida sharq do‘ppilari ham bo‘ladimi, degan savoliga Zuhraning yordamchisi Viktoriya shunday javob qaytardi:
"Hozircha so‘raganlari yo‘q, lekin do‘ppilar ham keltiramiz. Hozirda Sharq uslubi rusumga aylanmoqda. Bu esa moda sanoatiga yorqin ranglar olib kiradi. Yorqin O‘zbekiston esa Latviyaning eng tund ob-havosini ham yorqin ranglar bilan bezaydi".