TOShKENT, 30 mar — Sputnik. 50ta tez tibbiy yordam avtomobili mamlakatning ehtiyoji baland hududlariga berildi, deb xabar qildi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.
Joriy yilning 16-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev "Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni imzolagan edi.
Hujjatda sohani rivojlantirishga doir ko‘plab vazifalar qatorida kechiktirib bo‘lmaydigan vaziyatlarda bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimning transport parkini boyitish uchun davlat budjeti va boshqa mablag‘lar hisobidan 2017-yilning o‘zida 1200 ta tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari xarid qilinishi ham belgilangan edi.
Ayni kunlarda zarur vositalar bilan jihozlangan 50 dona "DAMAS" rusumidagi tez tibbiy yordam avtomobilari xarid qilinib, ehtiyoj baland bo‘lgan hududlarga berildi.
Eslatib o‘tamiz, tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish dasturiga ko‘ra, sohani rivojlantirish maqsadlariga 133263,7 mln so‘m va 32621,8 ming dollar yo‘naltirilishi belgilangan.