TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Samvel Babayan va yarim himoyachi Marat Bikmayev bugun, 28-mart kuni bo‘lib o‘tadigan "O‘zbekiston — Qatar" terma jamoalari uchrashuvidan oldin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etishdi.
"Malayziyada qayd etilgan natijalar uchun muxlislar oldida uzr so‘rayman. Barcha o‘yinlar g‘alaba va mag‘lubiyat orasida turadi. Suriya bilan o‘yinda qayerdadir men xato ham qilgandirman. Yigitlar oxirigacha kurashdi, ammo so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol barchasini hal qildi.
Afsuski, hech qaysi o‘yinda optimal tarkibda o‘ynay olmayapmiz. Avvalgi o‘yinlarda yo‘qotishlar bo‘ldi. Denisov ertaga maydonga tusha olmaydi. Bundan afsusdamiz. To‘xtaxo‘jayev esa sariq kartochkalari to‘planib qolgani tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Bu guruhda kurash so‘nggi turgacha davom etadi, chunki raqiblar ham ochko yo‘qotmoqda. Asosiy maqsadimiz — erataga g‘alaba qozonish va JCh-2018 turniriga yo‘l olish. Ayni vaqtda eng kuchli tarkibga ega ekanimiz haqidagi so‘zlardan qochmayman. Bu haqiqatdan ham shunday. Balki ertaga iste’foga chiqarman ham. Asosiysi, O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 turniriga yo‘l olishi kerak.
Jamoa yaxshi o‘ynaganda stadion to‘ladi. Muxlislarga murojaat qilmoqchiman: stadionga qancha muxlis kelishidan qat’i nazar, ulardan dalda so‘rab qolamiz va bizni qo‘llab-quvvatlashlariga umid qilamiz", — dedi Samvel Babayan.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida qatarliklar ustozi Xorxe Fossati va yarim himoyachi Hassan al-Haydos o‘z fikrlarini bildirdi.
"Guruhdagi har bir o‘yin qiyin sanaladi. O‘zbekistonni hurmat qilamiz, lekin albatta, g‘alaba qozonish uchun bu yerga kelganmiz. Toshkentdagi avvalgi natijalar shunchaki raqamlar va statistika. To‘g‘ri, Qatar safarda O‘zbekistonni yutmagan, ammo ertaga yangi o‘yin bo‘ladi va yangi sahifa yaratish qo‘limizdan keladi.
Raqib tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ha, Rashidov va Abduxoliqov Qatar ligasida o‘ynaydi, ammo biz ham ularni kuzatib boramiz. Qatar tarkibida ham kuchli futbolchilar bor.
O‘zbekiston terma jamoasi tartibli o‘yin ko‘rsatadi. Jamoa doim reja va strategiya asosida harakat qiladi. O‘zbekiston terma jamoasining Suriyaga mag‘lub bo‘lgani kutilmagan holat, deya olmayman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, har bir o‘yin qiyin, oson bellashuvning o‘zi yo‘q. Agar Suriya katta hisobda O‘zbekistonni yutganida, mana bu men uchun hayratlanarli bo‘lardi", — dedi Fossati.
O‘zbekiston — Qatar uchrashuvi bugun, 28-mart kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida o‘tkaziladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi.
UZ24.uz xabari asosida.