TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Dushanbe shahrida 17-21 aprel kunlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Tojikiston savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ko‘rgazma O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari ko‘magida o‘tkaziladi. Tadbir tashkilotchilari Tojikiston va O‘zbekiston savdo-sanoat palatalaridir.
Ko‘rgazma-yarmarkani o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hukumatlararo komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, tenglik va o‘zaro manfaat prinsiplari asosida savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishdan iborat.