TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan III Xalqaro Musiqa festivali doirasida Germaniyaning NÖRD FX jaz guruhi Buxoro va Toshkentda konsertlar beradi, master-klass va jem-seyshnlar o‘tkazadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Guruh konsertlari Toshkentdagi O‘zbekiston Davlat konservatiriyasining Katta zalida 1-aprel kuni, Buxoro Musiqali-drama teatrida 3-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Undan tashqari NÖRD FX guruhi 31-mart va 1-aprel kunlari Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi va O‘zbekiston Davlat konservatiriyasida master-klasslar o‘tkazadi. 2-aprel kuni esa guruh "Ilhom" teatrida o‘zbek musiqachilari bilan jem-seyshnlar (improvizatsiya) o‘tkazishni rejalashtirgan.
NÖRD FX guruhi uch musiqachidan iborat: Daniel Klyayn (udarnikchi), Tom Shnayder (fortepiano) va Dorian Gollis (kontrabas).
"NÖRD FX guruhi sahnada o‘zidan ulkan energiya yaratadi. Bunay kuch tinglovchini musiqa haqidagi odatiy tasavvurini buzib yuborishi mumkin", — deyilgan Germaniya elchixonasi xabarida.
Jaz festivali doirasida bo‘lib o‘tadigan konsertlarga chiptalar bepul tarqatiladi. Ularni olish uchun quyidagi manzilga murojaat qilish kerak ku-101@tasc.diplo.de.
O‘zbekistonda YuNESKO qaramog‘ida bo‘lib o‘tadigan festival mahalliy va chet el musiqachilariga ijodiy suhbat o‘tkazish imkonini yaratmoqda. Festival Toshkent, Samarqand, Buxoro va Qo‘qonda bo‘lib o‘tadi.