TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Samarqand tumanidagi "Shohpo‘lat" fermer xo‘jaligi a’zolari Chumchuqli mahallasida yashovchi kam ta’minlangan Sharif Jalilov xonadoniga bir bosh sigir tuhfa etdi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Nashr shuningdek, Navro‘z ayyomi kunlarida Past Darg‘om tumani Qo‘shquduq mahallasida istiqomat qiluvchi To‘xta boboning xonadoniga jamoatchilik vakillari kelib, bayram bilan qutladi hamda Prezident sovg‘asini topshirgani haqida xabar qilgan.
"Uch yildirki sog‘lig‘im yaxshi emas, to‘shakka mixlanib qoldim, – deydi To‘xta bobo. – Qarichilik deymiz-u ammo mehnat qilib yurgan odam birdan yotib qolsa, yomon ta’sir ko‘rsatarkan. Allohga shukur, mahalla ahli holimdan xabar olib turibdi. Ayniqsa, bayram kunlarida Prezidentimiz nomidan sovg‘a kelgani ko‘nglimni ko‘tardi, bunday e’tibordan xursand bo‘ldik".
"Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi vakili S.Begimqulovning aytishicha, o‘n bir turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasidan tarkib topgan sovg‘a-salom tumandagi 67 ta kam ta’minlangan oila hamda 19 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari oilalariga yetkazib berilgan.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan sovg‘a-salom tarqatilishi ajoyib yangilik bo‘ldi. Samarqand viloyatidagi 928 ehtiyojmand oila, urush va mehnat faxriylariga shunday sovg‘a-salomlar berilgan.