TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi. Shavkat Mirziyoyevni Ostona aeroportida Qozog‘iston prezidentining topshirig‘iga binoan mamlakat bosh vaziri Bakitjan Sagintayev kutib oldi. Bu haqda bosh vazirning matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat bayroqlari bilan bezatilgan Ostona xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Tantanali kutib olish marosimida shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Mamin, tashqi ishlar vaziri K.Abdraxmanov, Ostona shahri hokimi A.Isekeshev, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi E.Utembayevlar ishtirok etishdi.
Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashinishi mo‘ljallangan.