TOShKENT, 22 mar – Sputnik. Toshkentda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil qilingan «Buyuk Britaniyada elektron xizmatlar transformatsiyasi» mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Axborot texnologiyalari vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Sanoat va savdo palatasi, OTB, BMTTD va Buyuk Britaniya elchixonasi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda qayd etilishiga ko‘ra, hukumat elektron xizmatlari tadbiq qilish bo‘yicha Buyuk Britaniya dunyoda birinchi o‘rinda ekan. Shuning uchun ham, elektron xizmatlarni tadbiq qilishni boshlagan O‘zbekiston uchun Britaniya tajribasini o‘rganish ijobiy natijalar berishi mumkin.
Davra suhbatida Buyuk Britaniya hukumatining raqamli rivojlantirish bo‘yicha xalqaro bo‘limi boshlig‘i Daniyel Lou tomonidan taqdim etilgan “Elektron hukumatga davlat yondashuvi” mavzusida taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Prezentatsiyada Britaniyaning elektron hukumat tadbiq qilish jarayoni batafsil yoritib o‘tildi va ushbu ishning muvaffaqiyatga olib kelgan bir necha omillar ham sanab o‘tildi:
- IT loyihalarni tadbiq qilishda moslashuvchan uslublardan foydalanilgani;
- Foydalanuvchilar manfaatlari har tomonlama o‘rganib chiqilgani;
- Elektron hukumat tuzilishiga platformali yondashuv.
Tadbirda, shuningdek, “O‘zbekistonda elektron xizmatlar rivojlanishining keyingi bosqichi” mavzusidagi prezentatsiya ham bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda O‘zbekistonda elektron hukumat tadbiq qilishga bo‘lgan talablar, sohadagi asosiy loyihalar hamda davlat tashkilotlari oldida turgan eng muhim vazifalar sanab o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistonda 2017-2021 yilda qabul qilingan rivojlanish strategiyasida davlat boshqaruv tizimini islohot qilish muhim o‘rin egallashi ham aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida davra suhbati ishtirokchilari britaniyalik ekspertlarga savollar bilan murojaat qilish, Tumanli mamlakat tajribasini O‘zbekistonda tadbiq qilish bo‘yicha ularning fikrini o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi.
Toshkentda 17-mart kuni bo‘lib o‘tgan davra suhbati BMT Taraqqiyot dasturi, hamda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi yordamida tashkil qilindi.