TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Qoraqalpog‘iston respublikasi Qo‘ng‘irot tumani MXX bo‘limi tuman IIBB xodimlari bilan hamkorlikda maxsus operatsiyani amalga oshirishdi, natijada yirik hajmdagi ondatra terilari kontrabandasining oldi olindi, deb xabar qildi O‘zbekiston MXX matbuot-xizmati.
Ondatra — mo‘yna tayyorlashda foydalaniladigan asosiy jonivorlardan biri hisoblanadi. Sifatli terisi uchun yuqori baholanadi.
Hayvon terisi juda qalin, hurpaygan bo‘lgani uchun, suv o‘tkazmaydi. Shu bois ham "qora bozor" kontrabandachilari orasida unga bo‘lgan talab o‘ta yuqori.
Shu tariqa, Qo‘ng‘irot tumanida istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz Nuratdin Umirzoqovning turar-joyi O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, 1159 dona ondatra terilari borligi aniqlangan. Xabar qilinishicha, jonivorlar Qo‘ng‘irot tumanidagi Sudochye ko‘lidan brakonyerlik yo‘li orqali ovlangan.
Shuningdek, Umirzoqov o‘g‘li Nursulton Baymurzayevni ham ushbu noqonuniy ishga jalb qilgani aniqlangan. Umirzoqov kontrabanda tovarni o‘z akasi — Qozog‘iston respublikasi fuqarosi Nizamatdin Umirzoqovga sotishni rejalashtirgan.
Brakonyerlar o‘z hatti-harakatlari bilan regionning ekologik xavfsizligiga jiddiy xavf yetkazishgan.
Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga muvofiq, yetkazilgan zarar miqdori — 858 million so‘mni tashkil qiladi.