TOShKENT, 21 mar — Sputnik. Shu yilning 1-aprel kuni Toshkentdagi "Zarqaynar" Modalar uyi galereyasida "Agro Food Forum 2017" Xalqaro forumi o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.
"O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari — jahon bozorida" mavzuyida o‘tkaziladigan mazkur forumda respublikadagi tadbirkorlik subyektlari meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash borasida zamonaviy texnologiyalar bilan tanishadilar.
Shu bilan birga oziq-ovqat sanoatida ishlab chiqarishni tashkil etishda yuqori sifatni ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashadilar.
Forumga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, qayta ishlovchi kichik sanoat korxonalari hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan korxonalar taklif etiladilar.
Mazkur forum "General Machinery Group" kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.