Toshkentdan uy sotib olishi shartlari ishlab chiqilmoqda

Obuna bo‘lish
Toshkent shahar IIB Boshqarmasi viloyatliklarga Toshkentdan uy sotib olishiga ruxsat berish uchun o‘z takliflarini tayyorlamoqda.

TOShKENT, 17 mar – Sputnik. Poytaxt IIB Boshqarmasi viloyatliklar va chet el fuqarolari uchun Toshkentdan uy sotib olish shartlarini tayyorlamoqda, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.

Toshkentdan uy sotib olishni istaganlar uchun yangi talablar kiritilmoqda

Bugungi kunda O‘zbekistonda amal qilayotgan qonunlarga ko‘ra, Toshkentda ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolar uchun poytaxtdan uy sotib olishning imkoni yo‘q.

Suhbatdosh aytishiga qaraganda, yaqin kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkin. O‘zbekiston rahbari tasdiqlagan rivojlanish stragegiyasiga ko‘ra chet el fuqarolari va boshqa viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari Toshkentda qonuniy ravishda uy sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Sotib olinayotgan uylar yangi fonddan bo‘lishi kerak.  

Mahalliy aholi uchun bunday uylar narxi eng kam ish haqqining 2000 barobariga, chet el fuqarolari uchun esa uy narxi 100 ming dollarga  teng bo‘lishi kerak.

“Hukumat tegishli muassasalarga sentabr oyining oxirigacha bu borada o‘z takliflarini ishlab chiqish va  ularni vazirlar mahkamasiga yuborishni talab qilmoqda. U yerda takliflar ekspertlar tomonidan tahlil qilinadi va boshqa muassasalar takliflari bilan umumlashtiriladi. Hukumat tasdig‘idan o‘tgan choralar hayotga tadbiq etilishi mumkin”, — dedi IIBB vakili.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu qonun qabul qilingan holda, u bir necha yildan beri rivojlanishdan to‘xtab qolgan Toshkent birlamchi ko‘chmas mulk bozori uchun turtki bo‘ladi. Bugungi kunda Toshkentning ko‘plab tumanlarida xalq orasida “bank uylari” deb atalmish o‘nlab yangi imoratlar qurilgan, lekin u yerdagi xonadonlar bir necha yildan beri sotilgani yo‘q. Buning sababi birinchidan “propiska” masalasi bo‘lsa, ikkinchidan ularning “aql bovar qilmaydigan” narxidir.

Yangiliklar lentasi
0