TOShKENT, 17 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Senati 2017-yil 25-fevraldagi "Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" KQ-150-III-sonli qaror qabul qilgan edi, deb yozadi Zarafshon nashri.
Ushbu qarorning amalga oshirishni ta’minlash uchun Samarqand viloyati bo‘yicha maxsus komissiya tashkil qilindi. Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
· ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini joylarga chiqib o‘rganish;
· o‘rganish natijalarini xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida muntazam muhokama qilib borilishini tashkil etish;
· Aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilishiga doir choralarni ko‘rish;
· jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;
· sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.
Shuningdek komissiya faoliyati haqida tuman IIB rahbarlari tuman deputatlar Kengashida har oyda, viloyati IIB Boshqarmasi boshlig‘i F.Quvondiqov viloyat deputatlar Kengashi oldida har chorakda hisobot berib borishlari kerak.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni sezilarli darajada kamaygani yo‘q. 2016-yilda viloyatda 7481 ta jinoyat sodir etilgan. Bir yil oldin esa – 7484ta.
Shuni aytib o‘tish joizki, qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkizish, va o‘g‘irlik kabi jinoyatlar soni 4 —10 % ga– oshgan. Qotilliklar soni ayniqsa Kattaqo‘rg‘on va Bulung‘ur tumanlarida oshgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Ichki Ishlar organlari tomonidan shu kunga qadar olib borilgan, jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan faoliyat — samarali bo‘lmagan.