TOShKENT, 15 mar – Sputnik. O‘zbekistonda bir haftadan beri qora bozorda dollar narxi oshmoqda. Xo‘sh nega? Buni 100% ishonch bilan hech kim ayta olmasa kerak. Shunday bo‘lsada, bizga ma’lum bo‘lgan faktlarni jamlab tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.
Istisodiyot nuqtayi nazaridan qaraganda, dollar ham bir mahsulot. Ya’ni siz uni sotib olib undan ma’lum maqsadda foydalanishingiz mumkin.
Bozor iqtisodiyoti qonunlari juda oddiy: agar biror mahsulotga talab oshsa, uning narxi ham oshadi. Misol: bozorda o‘nta zontik sotilmoqda. Birdan yomg‘ir boshlandiyu hammaga zontik kerak bo‘lib qoldi. Lekin zontiklar faqat 10 dona, qisqa vaqt ichida hech kim yana 100ta zontik bozorga chiqara olmaydi. Ana shunda o‘sha o‘nta zontikning narxi keskin oshadi.
Demak, birinchi xulosa dollar narxi oshishi sababi – unga talab oshgan. Nega hammaga dollar kerak bo‘lib qoldi ekan degan savolga bir necha javob bor.
Birinchidan, ayni damda “Umra-2017” mavsumi boshlangan bo‘lib unga O‘zbekistondan 5000 mingdan ortiq ziyoratchilar borib kelishi rejalashtirilgan. Albatta ularning har biriga yon xarajatlari va sovg‘a salomlar uchun valyuta sotib olish kerak bo‘ladi.
Ikkinchidan, mana bir necha yildan beri bahorda o‘zbekistondan mehnat migrantlari yoppasiga Rossiyaga ishga jo‘nashni boshlaydi. Ularga ham to joylashib, ish topguniga qadar mablag‘, ya’ni valyuta kerak bo‘ladi.
Uchinchidan, dollarning rasmiy davlat kursi ham o‘tgan haftalarda keskin oshib bormoqda. Qora bozordagi dollar kursi davlat kursi bilan bog‘liq, chunki ayrim uddaburron dollarfurushlar valyutani davlat kursida sotib olib qora bozorda sotishadi.
Bu safargi dollar narxi oshishida ushbu sabablarning qay biri eng muhim rol o‘ynaganini aytish qiyin, lekin ularning barchasi ishtirok etgani aniq.