TOShKENT, 14 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 28-fevraldagi «2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 11-12 mart kunlari butun O‘zbekiston bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ma’lum qilishlaricha, umumxalq xayriya hashari mamlakatimizning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarda ko‘tarinki ruhda o‘tgan.
Hashar kunlari qirq sakkiz ming gektardan ziyod maydonda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. O‘ttiz ikki ming kilometr ariq va zovurlar tozalanib, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirilgan.
Undan tashqari, hashar kunlarida qariyb yigirma ikki million tup daraxtga shakl berilib, oqlangan. Yigirma to‘rt million tup mevali, manzarali daraxt ko‘chati, o‘n yetti million tup gul ekilgan.
“Ikki kun mobaynida hashar doirasida ko‘p qavatli uylar atrofi, mahallalar, bolalar o‘yin maydonchalari, ko‘chalar, yo‘llar, ariq-zovurlar tozalandi. Qabristonlar, ziyoratgohlar, saylgohlar obodonlashtirildi. Bu ishlarda mahalla aholisiga talabalar, o‘quvchi-yoshlar yaqindan ko‘mak berdi”, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Bektemir tumani bo‘linmasi raisi o‘rinbosari Sobir Imomov.
Hashar kunlari o‘z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirgan har bir korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ham umumxalq xayriya hashariga o‘z ulushini qo‘shdi.