TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Berlinda bo‘lib o‘tgan “ITB Berlin– 2017” xalqaro turizm ko‘rgazmasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyati keng namoyish etildi.
ITB Berlin dunyodagi eng yirik xalqaro sayyohlik anjumanlaridan biri hisoblanadi. Bu yil ko‘rgazmada 187 mamlakatdan o‘n mingdan ziyod firma va kompaniya vakillari ishtirok etgan. Ko‘rgazmaga ikki yuz mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.
Mazkur tadbir sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, unda sayohat, faol turizm, sport turizmi va sport mahsulotlari, sayyohlik va axborot texnologiyalari, yoshlar turizmi, ekoturizm, madaniy sayyohlik, sayyohlik biznesi, kruiz kabi yo‘nalishlarga oid o‘nlab bo‘limlar ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, “Messe Berlin” ko‘rgazma majmuasida o‘tkazilgan an’anaviy anjumanda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va bir necha yirik sayyohlik kompaniyalari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston stendi o‘ziga xos milliy uslubda bezatilgan edi. Shuningdek ko‘rgazma tashrif buyurganlar diqqati milliy kuy-qo‘shiqlar, rang-barang raqslarimiz va sarxil mevalar hamda hamda milliy taomlar yordamida jalyub qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov rahbarligidagi delegatsiya ko‘rgazma doirasida Germaniya turizm va sport bo‘yicha qo‘mitasi, Germaniya sayyohlik uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasida sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda "Jahon" axborot agentligi.