TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbek estradasi qirolichasi Yulduz Usmonovaning qizi chaqalog‘i bilan tug‘ruqxonadan chiqdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yangi mehmonga Sa’diya deb ism qo‘yishdi. Nilufarning aytishicha, qizaloqqa ismni turmush o‘rtog‘i tanlagan.
Nilufarning tug‘ruqxonadan chiqishi yaqinlari va oila a’zolari davrasida keng nishonlandi. Mehmonga xonanda Shahzoda, qiziqchi Halima Ibragimovalar kelishdi.
Yulduz Usmonova o‘zining Instagramdagi sahifasida qizi va barcha nabiralari bilan tushgan suratini joyladi va "Baxtli buvi ajoyib nabiralari davrasida" deya izoh qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, 7-mart kuni Yulduz Usmonovaning qizi Nilufar Usmonova to‘rtinchi bor farzandli bo‘ldi. Nilufar Usmonovaning 11 yoshli Saida’zam, besh yoshli Ibrohim va to‘rt yoshli Sulaymon ismli o‘g‘illari qatoriga qizchasi ham qo‘shildi.