TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Toshkent shahrida Sergeli tuman ichki ishlar boshqarmasi xodimi, yo‘l patrul xizmati xodimi hamda nafaqadagi Ichki ishlar organlari xodimi marixuana giyohvandlik moddasini iste’mol qilib o‘tirgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda Qalampir nashri Toshkent shahar IIBBga asoslanib xabar qiladi.
Xabarda aytilishicha, yaxna ichimliklarning yelim idishi orqali giyohvand modda iste’mol qilayotgan huquq-tartibot organlari xodimlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi maxsus inspeksiyasi tomonidan hibsga olinib, tibbiy ekspertizadan o‘tkazildi. Tibbiy ekspertiza natijalari ular haqiqatan ham giyohvand modda iste’mol qilganini tasdiqladi.
Ushbu shaxslar Ichki ishlar idoralarida egallab turgan lavozimidan ozod etilib, hozirda ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rildi.