TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Toshkent shahri ko‘chalarini joriy va to‘la ta’mirlash ishlari 2017-yilning o‘zida ikki bosqichda — birinchi navbatda hamda yil davomida ta’mirlanishi zarur bo‘lgan ko‘chalar kesimida amalga oshiriladi. Bu haqda "O‘zavtoyo‘l" AK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning 7-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Yo‘l jamg‘armasi boshqaruv kengashi tomonidan "2017 yilda Toshkent shahri tumanlarining yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishning manzilli dasturi" tasdiqlandi.
Toshkent ko‘chalarini ta’mirlash uchun birinchi bosqichda 20,6 mlrd, ikkinchi bosqichda 50 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan.
"Yunusobod tumani Yuqori Qoraqamish, Moyqo‘rg‘on va Baraka ko‘chalaridagi jami 7,1 km uzunlikdagi joriy ta’mirlash, Sergeli tumani Obihayot, Nilufar, Rayhon, Daryo bo‘yi, Kanora ko‘chalaridagi 9,5 km uzunlikda to‘la ta’mirlash ishlari boshlandi", — deyiladi xabarda.
Ta’mir ishlari O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tizimidagi korxonalar, jumladan, "Avtomagistral", "Toshkentko‘prik" hamda "Transyo‘lqurilish" tashkilotlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi "2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorida butun respublikadagi, jumladan, Toshkent shahridagi ichki yo‘llar va ko‘chalarning ta’mirlanishi tumanlar kesimida belgilab berilgan edi.