TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbek estradasi qirolichasi Yulduz Usmonovaning 11-23 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan konsertiga barcha biletlar sotib bo‘lindi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Buni tushunsa bo‘ladi — Yulduz Usmonova anchadan buyon O‘zbekistonda katta konsert dasturini namoyish etmayotgandi. Xonanda o‘tgan yil dekabrida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalarda qilgan chiqishi orqali katta sahnaga qaytdi.
Ta’kidlash joizki, Usmonova ko‘rsatilgan muddat oralig‘ida bir yoki ikkita emas, balki har kuni muxlislari uchun chiqish qiladi. Bugungi kunda "Istiqlol" san’at saroyi 3900 tomoshabinni sig‘dira olishi hisobga olinsa, shuncha kun davomida anchagina tomoshabin konsertdan bahramand bo‘ladi. Shunga qaramasdan, minglab muxlislar sevimli xonandasining konsertiga kirish uchun imkoniyat qidirishmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar ortiqcha bilet bo‘lsa sotishlarini so‘rab yozilgan iltimoslarga to‘lib ketgan, odamlar kassalarda o‘ta uzun navbat bo‘lgani uchun bilet sotib olisholmaganini muhokama qilishmoqda. Hozir hamma kassalarga qo‘shimcha biletlar chiqarilishini kutmoqda.
Bu vaziyatdan olibsotarlar foydalanishga urinishmoqda. Ko‘pchilik muxlislarning aytishlaricha, ularga biletning o‘z narxidan bir necha baravar qimmat narxda bilet taklif qilishgan. Lekin bu biletlar haqiqiy ekanligiga kim kafolat beradi?
Xonandaning muxlislarini ajoyib shou-dastur kutmoqda. Estrada qirolichasi muxlislari uchun sevimli bo‘lib qolgan hamda yangi qo‘shiqlarini taqdim etadi.