TOShKENT, 8 mar — Sputnik. O‘sh shahrida estakada ko‘prigi suvog‘i ko‘chib homilador ayol ustiga tushdi, deb xabar bermoqda Sputnik Qirg‘iziston. Oqibatda ayol hushini yo‘qotgan.
"Men Sulaymon-Toodan tushayotganimda estakada ko‘prigining suvog‘i ko‘chib homilador ayolning boshiga tushganini ko‘rdim. U hushidan ketdi. Biz tez yordamga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmadik. Ayolni yengil mashinada kasalxonaga olib ketishdi", — deydi voqea guvohi.
Guvohning aytishicha, ko‘prik ustunidagi suvoqlarning yoriqlari ko‘p bo‘lib, agarda uni ta’mirlashmasa shunday holat yana takrorlanishi mumkin. U yomg‘ir yoki qor yoqqan paytda ko‘prik devoridagi yoriqlardan suv oqishini aytdi.
Navoiy ko‘chasidagi estakada ko‘prigi 2015-yil kuzida qurilgan. Uning qurilish narxi 800 million somga baholangan. Dastlabki loyihada ko‘prik uzunligi 450 metr va eni 18 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Mablag‘ yetishmovchiligi bois ko‘prik qurilishi bir necha marta to‘xtab qolgan.