TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha seminar-treninglarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining uchta tumanida yashovchi 150 nafardan ortiq ayollar ishtirok etadi, deb xabar bermoqda BMTTDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT)ning "Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol dengizi fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash" Qoʻshma dasturi Taxtakoʻpir, Moʻynoq va Shumanay namunaviy tumanlarida ayollar uchun seminarlarni tashkil qilmoqda. Seminarlarga faqat uy xoʻjaligi bilan mashgʻul boʻlib qolgan va oʻz biznesini ochish niyatida boʻlgan hamda ixtisosligini oʻzgartirmoqchi boʻlgan mahalliy xotin-qizlar taklif etiladi.

Tahsil beruvchi seminarlar interfaol taqdimotlar shaklida oʻtkaziladi. "Tadbirkor ayol" Oʻzbekiston tadbirkor ayollar uyushmasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi maslahatchilari tadbirkorlikning imkoniyatlari va istiqbollari, mijozlar bilan ishlashning oʻziga xos xususiyatlari, malakani oshirish boʻyicha mavjud kurslar va yangi hunarmandchilik koʻnikmalariga ega boʻlish haqida oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadi.
Trening ishtirokchilari biznesni olib borish, qanday qilib tadbirkorlikni boshlash, xatarliklar va afzalliklarni tahlil qilish (SWOT-tahlil), dastlabki sarmoyani shakllantirish asoslari bilan tanishadi. Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakllari masalalari, oilaviy biznesni yaratish fazilatlari, imtiyozli kreditlarni olish imkoniyatlari, hisobotlarni topshirish, soliqlarga tortilish va biznes rejani tuzish masalalari koʻrib chiqiladi.

Seminarlar 9-10, 14-15 va 23-24 mart kunlari boʻlib oʻtadi. Unda ishtirokchilar biznesni tashkil qilish uchun zarur boʻlgan axborot oladi, shaxsiy oʻsish va turmush darajasini oshirish uchun oila farovonligiga hissa qoʻshish imkoniyatlari bilan tanishadilar.
BMT maʼlumotiga koʻra, agar ayollar ham mehnat bozorida xuddi erkaklar kabi ishtirok etsa, 2025 yilga kelib ayollarning global YAIMga qoʻshadigan hissasi 28 trln dollarni tashkil etadi. Bu raqam ayollar uchun ish oʻrinlari yaratish va ularni tadbirkorlikka jalb etish naqadar muhim ekanligini koʻrsatadi. Biroq yetarlicha bilim, moliyaviy va texnik vositalar hamda koʻnikma yetishmasligi ayollarning oʻzlarini koʻrsatishi va mehnat qilishlari yoʻlida toʻsiq boʻlmoqda.