TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Xalqaro "Koinot goʻzali — 2017" tanlovining dastlabki finalchilari maʼlum boʻldi, deb xabar berdi tanlov tashkilotchilari.
Internet ovoz berish orqali tanlovning yarim finaliga chiqqan uch qatnashchidan biri belgilangan muddatda videotashrifnoma tayyorlay olmaganligi uchun loyihani tark etdi. Shu sababli tanlov finalida Oʻzbekiston nomidan toshkentlik 26 yoshli Aneta Sultanova va 19 yoshli Anastasiya Polovinkinalar ishtirok etishadi.
Ishtirokchilar finalga puxta tayyorgarlik koʻrishlariga toʻgʻri keladi, chunki xalqaro tanlovda ular nafaqat chiroy borasida, balki zakovat borasida ham bellashadilar.
"Koinot goʻzali — 2017" xalqaro goʻzallik tanlovi finali 2017 yil avgustida Rossiyada boʻlib oʻtadi. Final qaysi shaharda boʻlib oʻtishi haqida keyinroq maʼlum qilinadi.
Tez orada tanlov finali uchun biletlar savdoga chiqariladi. Oʻzbekistonliklar bilet sotib olish borasidagi batafsil maʼlumotni tanlov saytidan olishlari mumkin.
"Koinot goʻzali" tanlovi jahon miqyosidagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha boʻlib, unda turmushga chiqmagan 18-26 yoshli qizlar qatnashishlari mumkin.
Mazkur tanlov shaxsni shakllantirish, oilaviy qadriyatlar va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Tanlov gʻolibasi pul mukofoti, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. U shuningdek, xalqaro brendlarning fotosessiyalari hamda qiziqarli ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.