TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Toshkent shahrida voyaga yetmaganlar orasida jinoyat sodir etish hollari pasaymoqda. Xususan, 2016-yil davomida shahar bo‘yicha 298ta jinoyat (asosan, o‘g‘rilik, bezorilik) voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Bu raqam 2015-yilda 374tani tashkil etgan.
Bu haqda 2017-yil 2-mart kuni "Profilaktika kuni" munosabati bilan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ma’lum qilindi.
Tadbirda Toshkent shahri prokurori o‘rinbosari Yorqin Abdullayev va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevlar 2017-yil 23-fevralidan 1-mart kunigacha bo‘lgan hafta davomida olib borilgan ishlar yuzasidan axborot berishdi.
2017 yil yanvar oyi bo‘yicha bu boradagi ko‘rsatkich 9tani tashkil etgan. 2016-yilning shu oyida voyaga yetmaganlar 15ta jinoyatni sodir etgani qayd etilgan edi.