TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning General Electric kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollett bilan hamkorlik munosabatlarini muhokama qildi.
"Mamlakat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va AQSh ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi", deb xabar beradi RIA Novosti.
Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ushbu kompaniya bilan uzoq muddatli, ayniqsa, yuqori texnologik tarmoqlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, elektr energetika, neft va gaz, elektrotexnika sanoati, zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi yangi dastur va loyihalar borasida so‘z yuritildi.
"Pollett samimiy qabul va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik bildirib, General Electric O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Pollettning O‘zbekiston vazirliklari va idoralarida o‘tkazgan uchrashuvlari yakunida iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
2015 yil iyulida General Electric Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish uchun quvvati 370 MVtli bug‘-gaz qurilmasini yetkazib bergan. 2016-yil mayda AQSh kompaniyasi va "O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi modernizatsiya va neft-gaz sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv haqida memorandum imzolagan.