TOShKENT, 1 mar — Sputnik. "O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi GM Uzbekistan AJ tomonidan yangi ko‘rinishdagi Matiz avtomobili ishlab chiqarilgani haqidagi xabarlarni inkor qildi.
Kompaniya sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Matizning yangi qiyofasi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
"Bugungi kunda biz noxolis OAV va jurnalistlar tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishiga tez-tez duch kelmoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda GM Uzbekistan AJ tomonidan yangi ko‘rinishdagi Matiz avtomobili ishlab chiqarilgani haqidagi xabarlarlar va fotosuratlar tarqalganligi ham mana shunday xabarlar sirasiga kiradi.
GM Uzbekistan AJ jamoatchilikka shuni ma’lum qiladiki, chiqarilayotgan mahsulotlar, o‘tkazilayotgan aksiyalar va boshqa tadbirlar haqidagi barcha ishonchli ma’lumotlar faqat www.gmuzbekistan.uz va www.uzavtosanoat.uz rasmiy saytlarida, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifada e’lon qilinadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa sahifalarda tarqatiladigan xabarlar va ma’lumotlar norasmiydir va GM Uzbekistan faoliyatiga aloqador emas", — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.