TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Toshkent haydovchilari poytaxtdagi asosiy muammolardan biri — mashinasini duch kelgan joyga qo‘yib qo‘yadiganlarni tartibga chaqirishni ham o‘z qo‘llariga olishmoqchi, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent uchun yangilik bo‘lgan voqea keng muhokama qilinmoqda — tashabbuskorlar guruhi "Kobalt"ini noto‘g‘ri joyga qo‘yib qo‘ygan haydovchining avtomobili old oynasiga tartibga chaqiruvchi stiker yopishtirgan.
"Miyamni ishlatishga erinaman, bug‘u singari duch kelgan joyga to‘xtab olaman", — deb yozilgan stikerda.
Foydalanuvchilarning aksariyati buni qo‘llab-quvvatlagan, ko‘pchilik noto‘g‘ri joyga mashinasini qo‘ygan haydovchilarni tartibga chaqirish maqsadida mualliflardan stiker maketini so‘ragan. Shuningdek, adolatni olomon hal qilmasligini aytib "Kobalt" egasini himoya qilganlar ham bo‘ldi.
Toshkentda ham Rossiyadagi "Stopxam" harakatiga o‘xshash harakat qanchalik o‘zini oqlashini vaqt ko‘rsatadi. Biroq bu poytaxtdagi muammoni hal qilmaydi.
Bir tarafdan, Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning aksariyati mashinalar to‘xtashi uchun moslashmagan. Ko‘p sonli taqiqlovchi belgilar esa vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Nima qilmoq kerak? Ekspertlar taqiqlovchi belgilarni joylashtirishni qayta ko‘rib chiqish va shahar markazida ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil qilish kerakligini aytishmoqda.
Shu bilan birga yana bir muammo mavjud — haydovchilar bir-birlariga nisbatan hurmat ko‘rsatishmaydi. Mashinasini qayerlarda to‘xtatmaydi deysiz — svetofor tagiga, piyodalar o‘tish yo‘lagiga. Ana shunday "bug‘u"lar mashinasini minib yo‘lni ochishini uzoq kutishlariga to‘g‘ri keladi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri qiziq vaziyat guvohi bo‘ldi. "Kaptiva" avtomobili Gidrometmarkaz yaqinidagi chorrahada ofis binosiga kiradigan yagona kirish yo‘lini to‘sib to‘xtab oldi. Boshqa haydovchilarning yo‘lni bo‘shatish haqidagi so‘rovlariga esa mashina egasi qo‘lini siltagancha o‘tishga joy bor-ku, o‘taveringlar, deb javob qaytardi.
Tor joydan o‘tayotgan avtomobillar ariqqa tushib ketishi yoki temir to‘siqqa urilib mashinalariga zarar yetkazishlari mumkinligi esa haydovchini zarracha qiziqtirmadi. Uzoq tortishuvlardan keyingina "Kaptiva"dagi qirol" nihoyat mashinasini ikki metr oldinga siljitib yo‘lni bo‘shatdi, lekin boshqa binodan chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ydi.
Aftidan, odamlarda jamiyatga bo‘lgan hurmatni bolalikdan shakllantirish zarur. Aks holda "bug‘u"lar yo‘llarni to‘saveradi, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi, sariq chiroqda tinmay signal chalib, qizil chiroqda gazni bosishadi. Hech kim "bug‘u"larga duch kelmasin…