TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizlik boshqarmasi "KUN.UZ" sayti tahririyati so‘rovi asosida Toshkent shahar, Chilonzor tumani, S-mavzesi, Cho‘pon Ota ko‘chasi 28A-uyda joylashgan ma’muriy binoda sodir bo‘lgan yong‘in haqida maxsus xabarnoma taqdim etdi.
Xabarda bildirilishicha, yong‘in Oliy xo‘jalik sudi binosi ortida joylashgan "Qishloq qurilish loyiha" Davlat unitar korxonasi tashkilotiga tegishli binoda ro‘y bergan.
Bundan oldin manba ushbu yong‘in Oliy xo‘jalik sudi binolaridan birida ro‘y bergani haqida xabar bergandi. Bu xabar tasdiqlanmadi.
2017 yilning 23-fevral kuni soat 16dan 36 daqiqa o‘tganda, Toshkent shahar IIBB YoXB Markaziy dispetcherlik xizmatiga, Chilonzor tumani, S-mavzesi Cho‘pon Ota ko‘chasi 28a-uyda joylashgan, ma’muriy binoda yong‘in bo‘layotganligi haqida xabar tushgan.
Ko‘rsatilgan manzilga soat 16dan 46 daqiqa o‘tganda, Chilonzor tumani yong‘indan muhofaza qiluvchi 16-HOHQdan 2ta jangovar yong‘in o‘chirish avtoekipajlari yetib borgan vaqtda, binoning 1, 2 va 3-qavatlari ochiq alanga bilan yonayotgani ma’lum bo‘ldi hamda yordamga qo‘shimcha yong‘in o‘chirish avtoekipajlarni chiqarilishi so‘raldi.
Shuningdek, soat 17dan 13 daqiqa o‘tganda, Yong‘in o‘chirish rahbari tomonidan 2-maxsus chaqiriq e’lon qilinib, yong‘in joyiga qo‘shimcha ravishda Chilonzor tumanini yong‘indan muhofaza qiluvchi 17-HOHQdan 2ta, Yakkasaroy tumanini yong‘indan muhofaza qiluvchi 21-HOXQdan 2ta, Uchtepa, Mirobod va Shayxontohur tumanlarini yong‘indan muhofaza qiluvchi 1,2,6 va 13-HOHQlardan bittadan hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB RIOdan 2ta jangovar yong‘in o‘chirish va 3ta maxsus avtoekipajlari yo‘llangan.
Jangovar avtoekipaj shaxsiy tarkibi tomonidan ko‘rilgan chora va tezkor harakatlar natijasida, yong‘in 18dan 06 daqiqa o‘tganda qurshab olinib, soat 18dan 16 daqiqa o‘tganda butunlay o‘chirilishiga erishildi.
Ushbu, Chilonzor tumani, S-mavzesi Cho‘pon Ota ko‘chasi 28a-uyda joylashgan, bino "Qishloq qurilish loyiha" Davlat unitar korxonasi tashkilotiga qarashli bo‘lgan, 2006-yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida, binoning 1, 2 va 3-qavatlari "Hamza Collektion" MChJ tomonidan, 4-qavati "DI-Ixlos" MChJ tomonidan hamda 5-qavati "O‘rmon xo‘jaligi loyiha instituti" tomonidan sotib olingan. Shuningdek, binoning sharqiy qismida Toshkent viloyati Prokuraturasi joylashgan.
Yong‘in oqibatida ma’muriy binoning 1, 2, 3-qavatlari to‘liq 800 kv.metr maydonida yongan, 4 va 5-qavatlarining tashqi qismlari yong‘indan qisman zarar ko‘rgan.
Yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Bundan tashqari, yong‘in vaqtida yong‘in o‘chiruvchilar tomonidan 70 nafar ishchi-xizmatchilar qutqarilib, shulardan 14 nafari Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borilgan va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda 2 nafar ishchi-xizmatchi travmatologiya bo‘limiga joylashtirilgan (bulardan 1 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli yaxshi bo‘lganidan so‘ng uyiga yuborilgan, 1 nafariga umurtqa pog‘onasining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan). Hozirda ularning ahvoli qoniqarli.
Yong‘in sodir bo‘lgan joyga O‘zbekiston Respublikasi IIV, IIV YoXBB rahbariyati, Toshkent shahar IIBB, IIBB YoXB rahbari va mas’ul xodimi, YoTL xodimlari, YoO‘Sh navbatchi guruhi, shahar va tuman prokuraturasi rahbarlari, tuman IIB, IIB YoXB rahbarlari chiqishgan.