TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Farg‘ona shahri hududidan oqib o‘tadigan Marg‘ilonsoyga Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan yaratilgan mikroGES o‘rnatildi. Mazkur ixtiro O‘zbekistonda ilk bor yaratilgan oddiy suv generatori sanaladi, deb xabar bermoqda uz24.uz.
Xabarda aytilishicha, tadqiqot jarayonida 6 ta ustun-transheyadagi ko‘cha yoritish chiroqlari shahar elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilib, qurilma yordamida yoritib kuzatildi. Natijada soatiga 3 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan generator elektr energiyasining uzluksizligini ta’minlashi aniqlandi.
Mutaxassislar suv generatorini endilikda viloyatdagi boshqa suv havzalarida ham sinab ko‘rishmoqchi. Izlanishlar davomida charxpalak qurilmasi yordamida 50 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkinligi aniqlandi.
Shu kunlarda qurilmaning ishlash imkoniyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Uskunaning gidroturbinalari metalldan yasalgan. Uning maxsus cho‘michlari kinetik energiyani mexanik energiyaga aylantirib beradi. Aylanma o‘z navbatida elektr energiyasi ishlab chiqaradi.