TOShKENT, 22 fev — Sputnik. 2017-yil O‘zbekistonga Toshkent – Buxoro, Toshkent – Qarshi yo‘nalishlariga qo‘yilishi rejalashtirilgan ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd olib kelinadi. Qarshi – Termiz, Urganch – Xiva yo‘nalishlari ham elektrlashtiriladi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Xususan, 2016-yilda uzunligi 123,2 kilometrni tashkil etuvchi Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va uning doirasida bunyod etilgan uzunligi 19,2 kilometrdan iborat Qamchiq tunneli foydalanishga topshirildi.
O‘tgan yil 11-iyuldan boshlab, mazkur yangi temir yo‘l orqali Farg‘ona vodiysiga hamda u yerdan O‘zbekistonning boshqa hududlariga yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi arafasida Toshkentdan Andijonga birinchi yo‘lovchi poyezdi qatnovi boshlandi. Hozir Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida har kuni zamonaviy tezurar yo‘lovchi poyezdi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Andijon – Buxoro – Andijon yo‘nalishida haftasiga ikkita yo‘lovchi poyezdi, haftada bir marotaba Andijon – Urganch – Andijon, Andijon – Moskva – Andijon yo‘nalishlarida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tashkil etildi. Bundan tashqari bir sutkada o‘nlab yuk poyezdi Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali o‘tib, yuklarni o‘z manziliga yetkazmoqda.
Samarqanddan Buxorogacha bo‘lgan masofada 140 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l qurildi. Mavjudlari zamonaviy ta’mirlanib, Buxorogacha to‘liq elektrlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdining qatnovi aholi uzog‘ini yaqin qilmoqda.