TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda bugundan O‘zbekistonda 10 000 so‘mlik banknot muomalaga chiqarilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda aytilishicha, yangi banknot qizil rangda bo‘ladi.
Shuningdek, internetda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 10000 so‘mlik banknotalarning chiqarilishi to‘g‘risida"gi qarori nusxasi tarqalmoqda. Ushbu qarorga Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev imzo chekkan. Qarorda banknot qachondan chiqarilishi haqida ma’lumot yo‘q.
O‘tgan yilning martida ham ijtimoiy tarmoqlarda xuddi shu tarzdagi xabar va 10 000 so‘mlik pulning suratlari tarqalgandi. Bu xabarlarga nisbatan Markaziy bank o‘z munosabatini bildirib, 10 ming so‘mlik kupura chiqarilishi rejalashtirilmaganini ma’lum qilgandi.
Hozirgi vaqtda o‘zbek so‘mining eng katta qiymatli kupurasi 5 000 so‘m hisoblanadi. Mazkur kupura 2013-yil 1-iyuldan chiqarilgan. Bundan tashqari, 1994-yildan beri 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500 va 1000 so‘mlik kupuralar ham muomalaga kiritilgan.