TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Farg‘ona viloyat Buvayda tuman IIB navbatchilik qismiga murojaat qilgan fuqaro o‘ziga tegishli "Damas" avtomobili noma’lum shaxs tomonidan olib qochilgani haqida ma’lum qildi, deb xabar beradi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.
Toshkent viloyatilik 57 yoshli fuqaro avtomashinasini Qizil Yulduz qishlog‘i hududida qarovsiz qoldirganligi oqibatida olib qochib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.
Tezkorlik bilan olib borilgan chora-tadbirlar natijasida avtomashinani olib qochganlikda gumon qilingan shaxs ushlandi. U Buvayda tumanida yashovchi 19 yoshli yigit bo‘lib chiqdi.
Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.