TOShKENT, 14 — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Prezidenti saylovidagi yuksak g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, deyiladi O‘zbekiston TIV saytida berilgan xabarda.
Davlatlar rahbarlari o‘zaro munosabatlarning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etib, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashganlar. Turkmaniston faol tashqi siyosat yuritayotgani va Gurbanguli Berdimuhamedovning tashabbuslari xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlangan.
Davlat rahbarlari ikki qardosh mamlakat o‘rtasida amaliy va ochiq muloqotni jadal rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar samaradorligini yanada oshirish uchun mavjud ulkan salohiyatni to‘la ishga solishga tayyor ekanini bildirganlar.
Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlat rahbari lavozimida ulkan yutuqlar, Turkmaniston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.