TOShKENT, 12 fev — Sputnik. O‘tgan yilning 22-noyabrida qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq Termizda 34ta ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy qurilishi belgilangan. Bu zamonaviy uylar narxi arzon bo‘lib, ehtiyojmand oilalarning talabini qondirishi kerak, Prezident matbuot xizmati xabari asosida.
Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan ikki, uch va to‘rt xonali beshta uy Sulton Saodat ko‘chasida qurilmoqda. 210 xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy uylar uchun o‘n gektar yer ajratilgan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, mahalla markazi quriladi.
Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida yangi uylarni Mustaqillikning 26-yilligi bayramiga qadar foydalanishga topshirish, ularda aholining yashashi uchun barcha sharoit yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Termiz shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida quriladigan dehqon bozori va savdo kompleksi loyihasiga 40 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kompleksda dehqon bozori pavilonlari, ikkita ko‘p qavatli zamonaviy supermarket, avtomobillar turar joyi qurish va yil oxirigacha foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.
Bunday yirik obektlarni barpo etishdan maqsad xalq turmush farovonligini oshirish, aholiga savdo va xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat, dedi O‘zbekiston prezidenti. Buning uchun kompleksni zamonaviy arxitektura va milliy me’morlik andozalari asosida qurish, atrofini obodonlashtirish, odamlarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Shuningdek, Prezident Termizda qurilishi rejalashtirilgan yoshlar zamonaviy bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi. Shavkt Mirziyoyev ushbu bog‘ni aholi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan loyihani yana bir 1bor sinchiklab ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyev Surxondaryo bo‘yida bunyod etilayotgan "Amudaryo" bolalar sog‘lomlashtirish markazi, dehqon bozori, ikki zamonaviy supermarket va avtomobillar turar joyi loyihalari bilan ham tanishib chiqdi. Aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida qurilayotgan ushbu obyektlarni yil oxirigacha qurib bitkazish rejalashtirilgan.