TOSHKENT, 10 fev — Sputnik. Rossiya HKK Suriyada Turkiya tomonidan koʻrsatilgan, turk harbiylari boʻlmasligi kerak boʻlgan nuqtalarga zarba bergan, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
"Bu holat haqida gapiradigan boʻlsak, sababi tushunarli. Bu yerda hech qanday bahsga hojat yoʻq. Prezident ushbu voqea yuzasidan hamdardlik bildirgani sizlarga maʼlum. Asosiysi bosh shtablar rahbariyatlarining hamkorlikdagi operatsiyalarni amalga oshirish chogʻida axborot almashuv mexanizmlarini takomillashtirish choralarini koʻrishlaridir. Vaziyat esa bunday. Bizning harbiylar terrorchilarga zarba berish chogʻida turkiyalik hamkorlarimiz tomonidan aytilgan nuqtalarga oʻt ochishgan. Va bu nuqtalar atrofida turk harbiylari boʻlmasligi lozim edi. Shuning uchun koʻzda tutilmagan holat yuz bergan", — dedi u, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Peskovning aytishicha, "nuqtalarni aniqlashtirish mexanizmini takomillashtirish kelajakda insonlar qurbon boʻlishiga olib keladigan ana shunday koʻzda tutilmagan zarbalar qayta yuz bermasligini taʼminlaydi".
Bu Rossiyaga notoʻgʻri nishonlarni taqdim etgan turk razvedkasining xatosimi, degan savolga Peskov bu "nishonlarni taqdim etishda kelishilmaganlik" boʻlganligini aytdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon Rossiya HKKning turk harbiylariga bergan zarbasi bilan bogʻliq hodisa va ikki tomonlama hamkorlikni batafsil muhokama qildilar, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.