TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Bobur nomli o‘zbek musiqali drama teatri ijodiy jamoasi O‘zbekistonga gastrol safari bilan keldi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Teatr ijodiy jamoasi Andijon viloyatining "Do‘stlik" chegara postida madaniyat va sport ishlari vaziri F.Jo‘rayev boshchiligidagi o‘zbekistonlik san’at va madaniyat namoyandalari tomonidan kutib olindi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston respublikalarining chegara oldi hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, aholini Qirg‘iziston teatr san’atining namunalaridan bahramand etish hamda ijodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ijodiy tashrif 17-fevralgacha davom etadi.
Ijodiy safar davomida Bobur nomidagi o‘zbek musiqali drama teatrining "Aykol Manas" spektakli 10-12 fevral kunlari Andijon viloyat musiqali drama teatrida, 13-14 fevral kunlari Namangan viloyat musiqali drama teatrida hamda 15-17 fevral kunlari Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyida namoyish etiladi.
Shu yilning yanvar oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari O‘shga tashrifi chog‘ida shahardagi Bobur nomli o‘zbek musiqali drama teatrini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergandi.