Toshkentliklar Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha takliflarini bildirdilar

Obuna bo‘lish
So‘rov qatnashchilari Birinchi prezident nomidagi mukofot ta’sis etilib, u Islom Karimov tashabbusi bilan asos solingan "Sharq taronalari" musiqa festivali doirasida topshirilsa, ayni muddao bo‘lishini aytishdi

TOShKENT, 9 fev — Sputnik. "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarori asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ijtimoiy fikrni bilish maqsadida ekspress-so‘rov o‘tkazildi. Bu haqda "Kun.uz" ma’lum qilmoqda.

Uch kun mobaynida olib borilgan tadqiqotda Toshkent shahri aholisi ishtirok etdi.

Islom Karimov xotirasi abadiy - Sputnik O‘zbekiston
Muzey, fond, yodgorliklar va aeroport: Islom Karimov xotirasi abadiylashtiriladi

Ekspress-so‘rov fuqarolarning ushbu hujjat mazmunidan yuqori darajada boxabar ekanligini namoyon qildi. Unda qatnashganlarning 72,3 foizi qarorning maqsadi hamda mohiyatini yaxshi anglaydi. 26,5 foizi umumiy ma’nosini tushunishini aytib o‘tgan. 

Tadqiqotga qaraganda, qaror mazmuni haqida ma’lumot yetkazgan asosiy manbalar Milliy teleradiokompaniya axborot va teleko‘rsatuvlaridir.

Respondentlarning har uchinchisi bu haqda respublika radiostansiyalarini tinglab bilgan. So‘rovning har to‘rtinchi qatnashchisi esa rahbariyat qabul qilayotgan barcha yangi hujjatlar hamda qarorlar xususida davriy nashrlar, qariyb yana shunchasi internet-portallar orqali o‘qib borayotganini qayd etgan.

Tadqiqotda respondentlarning 97,1 foizi O‘zbekistonning Birinchi prezidenti xotirasini abadiylashtirish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va unga qo‘shilishini e’tirof etgan.

Respondentlar har bir shahardagi ko‘chalardan biriga Islom Karimov nomi berilishini taklif qilishdi.

Ishtirokchilarning uchdan bir qismi esa eng yaxshi tadbirkor va fermer uchun Birinchi prezident nomidagi maxsus grant ta’sis etilishini taklif qildi.

O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Buyuk ishlar uchun yaralgan umr: Islom Karimov haqida hujjatli film

Bundan tashqari, so‘rov qatnashchilari Birinchi prezident nomidagi mukofot ta’sis etilib, u Islom Karimov tashabbusi bilan asos solingan "Sharq taronalari" musiqa festivali doirasida topshirilsa, ayni muddao bo‘lishini aytishdi.

Respondentlar sport, ayniqsa, uch bosqichli — "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada musobaqalarida muvaffaqiyatlarga erishgan yoshlar uchun Islom Karimov nomidagi mukofotni ta’sis etishni taklif qildilar.

Ekspress-so‘rov ishtirokchilari buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ hamda ardoqli farzandi Islom Karimov xotirasi qalblarda abadiy yashashini, bu buyuk shaxsning g‘oyalari va fikrlari belgilangan maqsadlarga tayanch bo‘lishda davom etishini ta’kidladilar.

Yangiliklar lentasi
0