TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Moskva tuman prokuraturasi o‘zlarini ekstrasens deb ko‘rsatib odamlarni aldab ularning pullarini o‘zlashtirgan tovlamachilar guruhi bilan bog‘liq jinoyat ishini sudga jo‘natdi. O‘n kishidan iborat guruhga yoshi 22dan 44gacha bo‘lgan Rossiya, O‘zbekiston va Ukraina fuqarolari kirgan, deb xabar bermoqda Rossiya bosh prokuraturasi.
Tergovga ko‘ra, gumondorlar 2014-yil yanvardan 2015-yil oktabrgacha Yaroslav viloyatida "ekstrasens" va "folbinlar" guruhini tashkil etishgan. Mijozlarni jalb etish uchun ular OAVda reklama joylashtirishgan.
Parapsixologiya, ekstrasensorika va tabiblik xizmatlari ostida ular maxsus seanslar yordamida mijozlarning barcha muammolarini hal qilishga ishontirib odamlarning pullarini olishgan. Soxta tabiblar telefon orqali fuqarolarni seanslarga yana kelishga hamda maxsus tumorlarni sotib olishga majburlashgan. Ularning so‘zlariga ishonmaganlarni esa yomon oqibatlar va hattoki o‘lim bilan qo‘rqitishgan.
Tovlamachilarning harakatlaridan jami 55 kishi jabr ko‘rgan. Ular mijozlarning jami 20 mln rubl pulini olishgan.
Guruh 2015-yil oktabrda — uning tashkilotchilaridan biri Vladimir Kovalchuk va uning sheriklari operativ tadbir davomida qo‘lga olinganida fosh bo‘ldi. 2016-yil fevralda uning faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ayni paytda sakkiz ayblanuvchi qamoqda saqlanmoqda, ikki nafar ayblanuvchiga esa uy qamog‘i jazosi qo‘llanilmoqda. Rossiya Jinoyat kodeksining 159-moddasi (uyushgan guruh tomonidan fuqarolarga jiddiy zarar yetkazuvchi tovlamachilik) bo‘yicha jinoyat ishi Moskvaning Gagarin tuman sudiga yuborildi.