TOShKENT, 7 fev — Sputnik. O‘zbekistonda joriy yildan boshlab mahalliy amaldorlarni axloqiy xulq qoidalariga o‘rgatish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Xabarga ko‘ra, 2017-yilning 1-iyuliga qadar O‘zbekistondagi barcha vazirlik va muassasalar o‘z xodimlari orasida axloqiy xulq talab va normalari xabardorligini oshirish bo‘yicha harakat rejalarini ishlab chiqishlari lozim.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va Mehnat vazirligi esa 2018-yilning birinchi yarmiga qadar amaldorlar axloq qoidalariga qanchalik rioya etishayotgani borasida monitoring o‘tkazilishini ta’minlashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek amaldorlarining qo‘polligi va ularning aholi bilan ishlashga noqobilligi O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasida eng ko‘p qayd etilgan muammolardan biri bo‘lgan edi. Xalq prezidentga amaldorlar huzuridagi cheki yo‘q navbatlar, poraxo‘rlik, muammolar yechimining cho‘zilib ketishi va amaldorlarning qo‘polligidan shikoyat qilgan.
Aynan mana shu sabablar tufayli 2017-yil O‘zbekistonda xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan edi.